TOShKENT, 27 fev – Sputnik. O‘zbekistonlik professional bokschi bir necha kun oldin Amerika Qo‘shma Shtatlarida Maykl Foksga qarshi ringga ko‘tarilib, faoliyatidagi 16-g‘alabani qo‘lga kiritgan Shohjahon Ergashev MOQ Matbuot va media departamentiga bergan intervyusida maqsadi O‘zbekistonga chempionlik kamarini olib kelish ekanligini ma’lum qildi.
Shohjahon Maykl Foksga qarshi jang u o‘ylagandan qiyinroq kechgani aytdi.
“U biroz noqulay raqib edi. Bu qaysidir tomonlama mening professional boksdagi faoliyatimga ijobiy ta’sir qilishi mumkin. Chunki, xech qachon mag‘lubiyatga uchramagan bokschi bilan 10 raundlik jang o‘tkazish oson emas. Menimcha barchasi yaxshilikka bo‘ldi. Uning bo‘yi mendan 15 santimetrga baland edi. Ushbu jihat menga biroz qiyinchilik tug‘dirdi”, - dedi bokschi.
Uning ta’kidlashicha, haqiqiy professional boks jahon chempionligiga erishganingizdan so‘ng boshlanadi. Eng qiyin janglari hali oldinda. Prof ringdagi faoliyati endi boshlandi deb o‘ylaydi.
“Muxlislar, meni qo‘llab-quvvatlab turgan insonlar nokautlarimga o‘rganib qolishgan. To‘g‘ri, ular nokaut kutishadi. Doimo nokaut bilan yutishga harakat qilaman. Ammo bu boks, ringda nima bo‘lishini hech kim bilmaydi”, - deb qo‘shimcha qildi.
Hozirda yangi murabbiy Freddi Rouch bilan hamkorlik qila boshlaganini ma’lum qildi.
“Endi oson janglar bo‘lmaydi. Faqat kuchli bokschilarga qarshi ringga ko‘tarilaman. Buning uchun ko‘proq mashg‘ulotlar olib borishim kerak. Sportchi doimo yuksaklikka, yuqori natijalar sari intilishi lozim. O‘ylaymanki, yangi murabbiy bilan bundanda yaxshiroq natijaga erisha olaman. To‘g‘ri, bunda eng avvalo bokschining o‘ziga ko‘p narsa bog‘liq. Biroq, murabbiy sportchiga to‘g‘ri yo‘nalish berib turishi lozim”, - deya qayd etdi Shohjahon.
Shifokorlar boks bilan shug‘ullanishga taqiq qo‘yishgani haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Bugungi kunga kelib barchasi joyiga tushgan. Bu bo‘yicha shifokorlar bilan muntazam gaplashib turaman. Sog‘liq bilan bog‘liq muammo yo‘q”, - dedi sportchi.
Navbatdagi jangi haqida to‘xtalarkan, u katta ehtimol bilan jang 14-aprelda bo‘lib o‘tishini qayd etdi.
O‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashevning rejalari aniq va shu maqsad sari intilmoqda.
“Ha, chempionlik jangi aniq bo‘ladi. Bunga bir qadam qoldi. Mart oyida WBA yo‘nalishining yangilangan reytingi chiqadi va men unda birinchi o‘rinda bo‘laman. Bu esa albatta chempionlik jangida ringga ko‘tarilish imkoniyatini beradi. Maqsadim bitta – O‘zbekistonga chempionlik kamarini olib kelish. Boshqa gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Men baribir kamarni vatanimizga olib kelaman!”, - ishonchi komil Shohjahonning.
Eslatib o‘tamiz, 15-fevral kuni (16 fevral tongida) professional bokschi Shohjahon Ergashev AQShda faoliyatidagi 16-jangni o‘tkazgan edi. Mazkur bahsda amerikalik Maykl Foks raqiblik qilgan va 10 raundlik jangda Shohjahon ochkolar hisobiga g‘alaba qozongan edi.