TOShKENT, 22 fev – Sputnik. Veterinariya qo‘mitasi tegishli tashkilotlar bilan birgalikda "O‘rikzor" bozorida tekshiruvdan o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, "Xalq bilan muloqot" guruhida Toshkentning “O‘rikzor” bozoridan sotib olingan tuxum sarig‘i “rezina” bo‘lib chiqqani tasvirga olingan video tarqaldi.
Bu video o‘zbekistonliklar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.
Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Sputnik O‘zbekiston muxbiri O‘zbekiston Veterinariya qo‘mitasining mutasaddi vakillari bilan bog‘landi.
Veterinariya qo‘mitasida “O‘rikzor” bozorida tekshiruv o‘tkazilganligi ma’lum qilindi.
“22 fevral kuni “O‘rikzor savdo kompleksi”da Toshkent veterinariya boshqarmasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tuxum bilan savdo qiluvchi tadbirkorlarning 10 dan ortiq savdo do‘konlarida sotuvchilar ishtirokida tuxum namunalari olinib, veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazilganda tekshirilgan tuxum namunalari iste’molga yaroqli deb topildi va boshqa tarzda sotuvga chiqarilgan sun’iy tuxumlar aniqlanmadi”, - deb ma’lum qildi Veterinariya qo‘mitasi xodimi.
Veterinariya nazorati xodimining so‘zlariga ko‘ra, har bir sotuvchi sanitariya tibbiy daftarchalarga ega bo‘lishi hamda mahsulotlarga beriladigan veterinariya ma’lumotnomalari asosida sotilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
“Barcha dexqon bozorlari tuxumni tekshirish uchun "ovoskop" uskunasi bilan jihozlangan”, - deb qo‘shimcha qildi veterinariya nazorati xodimi.
Veterinariya qo‘mitasining vakili bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2018-yil va joriy yil yanvar oyida iste’mol tuxumlari Afg‘oniston, Tojikiston va Eron davlatlariga eksport qilinganligi, O‘zbekistonga esa umuman import qilinmagan.