TOShKENT, 22 fev – Sputnik. Bosh prokuratura Toshkent shahrida shu yil yanvar oyida topilgan tarixiy qimmatbaho buyumlar haqida xabar bo‘yicha izoh berdi.
Sputnik O‘zbekiston agentligiga ma’lum qilinishicha, Milliy universitetining 4-bosqich talabasi, bir vaqtda universitet muzeyida 0,5 stavkada ishlovchi M.Yusupov tomonidan mahalliy OAVlardan birining ijtimoiy tarmog‘iga 2019-yil 19-yanvarda Toshkent shahrida qiymati 1 million dollarlik tarixiy qimmatbaho buyumlar topilganligi haqida ma’lumotlar va fotosuratlar taqdim etilgan.
“O‘rganishda ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan topilmalarning aksariyati XIX asrga mansub bo‘lib, ularning deyarli barchasi O‘zbekiston Milliy universitetining muzeyi xodimi M.Yusupov tomonidan so‘nggi 2-3 yil davomida universitetdagi professor olimlardan muzey uchun olinganligi, ushbu ashyolarda ularning Universitetga tegishliligini tasdiqlovchi muhrlar mavjudligi, xabarda keltirilgan 8 kg oltin esa haqiqatda topilmaganligi aniqlandi”, - deb ma’lum qilindi Bosh prokuraturada.
Milliy universiteti tomonidan 2019-yilda 25-yanvarda 17 turdagi topilmalar Qimmatbaho metallar agentligiga vaqtincha saqlovga topshirilgan.
Hozirda ularning tarixiyligi va haqiqiy qiymati o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent markazidagi eski binolardan birining yerto‘lasida olib borilgan qidiruv vaqtida shu bino yerto‘lasidan 80-yillar avval yo‘qolgan xazina topilganligi haqida xabar berilgandi.