TOShKENT, 17fev – Sputnik. O‘zbekistonda xorijiy davlatda olingan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha ma’muriy reglament tasdiqlandi, deb xabar qilmoqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanali.
“Hukumat qarori bilan Adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha ma’muriy reglament tasdiqlandi”, - deyilgan xabarda.
Reglamentga asosan, ariza beruvchi davlat xizmatini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelgan holda murojaat etadi hamda markaz xodimi tomonidan elektron so‘rovnoma to‘ldiriladi.
So‘rovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
- ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
- xorijiy davlat – xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiyaning (Gaaga, 1961-yil 5-oktabr) qatnashchisi hududida foydalaniladigan rasmiy hujjat.
- Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun eng kam oylik ish haqining 20 foizi (40 546 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.
So‘rovnoma to‘ldirilganidan so‘ng 10 daqiqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga elektron shaklda yuboriladi.
So‘rovnoma tushganidan so‘ng vakolatli organ 5 ish kunida apostil qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.