TOShKENT, 15 fev – Sputnik. Xavfsizlik bo‘yicha Munxen konferensiyasida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 2019-yilning 14-fevral kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Afg‘onistonda tinchlik siyosiy muloqotlarini boshlash doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni mazkur muloqot afg‘onlarning o‘zlari tomonidan amalga oshirishi muhimligini ta’kidlaydi.
“Prezident Muhammad Ashraf G‘ani O‘zbekiston Prezidenti va birodar o‘zbek xalqiga mamlakatidagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashish, uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi borasidagi izchil va qat’iy sa’y-harakatlar uchun minnatdorchilik izhor etdi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, suhbatda O‘zbekiston – Afg‘oniston kun tartibining boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi. Avvalo, O‘zbekiston bilan birgalikda transafg‘on tranzit koridorlarini tashkil etish va mintaqadagi o‘zaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan yirik transport, energetika va boshqa loyihalarni amalga oshirish istiqbollari to‘g‘risida so‘z bordi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiyasi 2019-yil 13-16-fevral kunlari amaliy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida bo‘lib, Xavfsizlik bo‘yicha Munxen konferensiyasida ishtirok etmoqda.