TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Arxangelsk viloyati sudi o‘z egasining uyida erkak kishini qopgan it harakatlarini qonuniy deb topdi.
Hodisa Arxangelskda, sobiq er-xotinlar yashagan xonadonlarning birida yuz bergan. Uyning ayol yashaydigan tomonida bolakay va kuchuk yashagan. Otaning so‘zlariga ko‘ra, u boladan xabar olishni istab, sobiq rafiqasining xonasiga kirgan va bolalar karavotiga yaqinlashgan. Xuddi shu vaqtda bolani qo‘riqlab yotgan it uning qo‘liga hujum qilgan.
Xona bekasi so‘zlariga ko‘ra esa voqea boshqacha bo‘lgan. Ayolning aytishicha, sobiq er mast holatda eshikni sindirib, so‘ng bolani uyg‘otishga harakat qilgan. It unga hujum qilgach, erkak jonivorni ham shu joyning o‘zida bo‘g‘ib o‘ldirishga uringan.
Natijada, erkak o‘ziga yetkazilgan ma’naviy zarar uchun 1,5 ming dollardan ortiq mablag‘ talab qilib sudga murojaat etgan. Erkakning talabi qondirilmagan.
"Da’vogar it bo‘lgan xonada yashamaydi, xona uning xususiy mulki emas, javobgarning ruxsatisiz u bu xonaga kirish huquqiga ega bo‘lmagan. Javobgarning xonasida it borligini bila turib, u mustaqil ravishda javobgarni ogohlantirmasdan uning xonasiga kirgan va bu harakati bilan itni o‘ziga hujum qilishga provokatsiya qilgan", - deyilgan sudda.
Huquq-tartibot posbonlari so‘zlariga ko‘ra, itning egasi faqatgina jamoat joylarida atrofdagilar xavfsizligini ta’minlashi va qoidalarga amal qilishi lozim. Xususiy territoriyaga bostirib kirgan shaxslarga esa ushbu qoidalar joriy etilmaydi.