TOShKENT, 12 fev – Sputnik. Turkiyaning Istanbul shahrida politsiya xodimlari tomonidan jinsiy qullikda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayollar qutqarildi. Bu haqda Haberler turk nashri xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, politsiya xodimlari katta tezkor operatsiya o‘tkazishdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston va Qirg‘izistondan kelgan ayollarni fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur qilgan jinoiy guruh aniqlandi.
Tezkor operatsiya bir vaqtning o‘zida shaharning 7 ta yirik tumanida o‘tkazildi. Politsiya 30 dan ortiq fohishalik xizmatlari ko‘rsatilayotgan uylarni aniqladi.
“Tezkor tadbir natijasida 85 nafar ayol aniqlandi, ulardan 35 nafari Qirg‘iziston fuqarosi, qolganlari - o‘zbekistonliklar. Jinoiy guruh a’zolari internet orqali ayollar bilan tanishib, ishqiy yozishmani yo‘lga qo‘yishgan. Keyinchalik turmushga chiqish bahonasi bilan ularni Turkiyaga taklif qilishgan. Kelgan ayollar fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlangan”, - deyilgan xabarda.
Intim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha "priton"larni tashkil qilish holati yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Hozirda ayollarni o‘z vatanlariga deportatsiya qilish masalasi hal qilinmoqda.