TOShKENT, 9 fev - Sputnik. Kecha, 8-fevral kuni Markaziy harbiy okrugiga qarashli "Kattaqo‘rg‘on" dala o‘quv maydonida "Hududda otishni tashkil etish va o‘t ochishni boshqarish" bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi, deb xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot-xizmati.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Artilleriya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘quv yig‘inining amaliy mashg‘ulotlarida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi barcha artilleriya bo‘linmalari mutaxassislari, oliy harbiy ta’lim muassasalarining artilleriya kafedralari vakillari ishtirok etdi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida 122-mm gaubitsa D-30 hamda BM-21 artilleriya qurollaridan aylanma mudofaa pozitsiyasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishonga yo‘naltirib 12-14 km masofalarga hamda safar holatidan 8-9 km masofaga o‘t ochilib, belgilangan shartli nishonlar yakson qilindi.
Taktik mashg‘ulotlar jarayonida shartli kichik qo‘poruvchi guruhlarni aralash divizion kolonnasiga hujum uyushtirish va zarbani qaytarish, minalashtirilgan hudud to‘siqlaridan o‘tish, kabi 7 xil ko‘rgazmali o‘quv joylari tashkil etildi. Amaliy mashg‘ulotlarda to‘xtovsiz o‘t ochishning zamonaviy usuli – artilleriya xalqasi qo‘llanildi. O‘q otish mashg‘ulotlarida yorituvchi va oskolkali-fugasli snaradlaridan foydalanildi.
Mashg‘ulot yakunida yig‘in ishtirokchilari nazariy imtihon topshirdilar va muvaffaqiyatli ishtirok etgan harbiy xizmatchilar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.