TOShKENT, 4 fev – Sputnik. Davlat Statistika qo‘mitasi e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, 2019-yilning yanvar oyida tovarlar va xizmatlar orasida narxlar o‘sishi eng ko‘p oziq-ovqat mahsulotlari sohasida kuzatilgan.
2018 yilning yanvar oyi bilan solishtirganda, asosiy mahsulotlar narxlari o‘sganini qayd etish mumkin. Xususan, non mahsulotlari - 28%ga, go‘sht va baliq – 20 %ga, sut mahsulotlari – 13%ga, alkogol – 10%ga va yog‘lar – 8% oshgani qayd etilgan.
2018 yilning Dekabr oyi bilan solishtirganda, narxi eng ko‘p oshgan mahsulot guruhlari quyidagilar bo‘lgan: meva sabzavotlar – 8,3 %, sut mahsulotlari – 3 % va non mahsulotlari – 2 %ga o‘sishi kuzatilgan.
Qayd etish joizki,non narxining keskin oshishiga bir necha obyektiv sabablar bor. Xususan, 2018-yilning sentabr oyida Hukumat qaroriga asosan, qolipli non (buxanka) narxlarini tadbirkorlar tomonidan erkin belgilashga ruxsat berilgan edi. Undan oldin "buxanka" narxi davlat tomonidan belgilab berilgan.
Shuningdek, alkogolli ichimliklar narxi oshishiga alohida sabab ham bor. O‘tgan yilning oxirida barcha alkogolli ichimliklar uchun aksiz to‘lovlari miqdori oshirilgan edi.