TOShKENT, 4 fev – Sputnik. Fuqarolarning pensiyalarni hisoblash uchun zarur bo‘lgan hisoblangan ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishni joriy etish chora-tadbirlari haqidagi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar qildi.
Qarorga muvofiq, fuqarolarning pensiyalarini hisoblash uchun zarur bo‘lgan hisoblangan ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritish maxsus markazlashtirilgan elektron reyestr bazasi asosida tashkil etiladi. Ya’ni, mazkur elektron baza ishga tushgandan keyin pensiyaga chiqayotgan shaxs ish haqi haqidagi turli ma’lumotnomalarni Pensiya jamg‘armasiga topshirishiga hojat qolmaydi.
Ish haqi summalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 2019-yil 1-yanvardan boshlab har bir jismoniy shaxs bo‘yicha ish beruvchilar tomonidan davlat soliq organlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha soliq hisoboti tarkibida belgilangan tartibda elektron shaklda taqdim etiladi.
Bundan tashqari, 2019-yil 1-martdan boshlab fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali fuqarolarning hisoblangan ish haqi summalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha interaktiv xizmati joriy etiladi.