TOSHKENT, 4 fev – Sputnik. Atom energetikasi boʻyicha xalqaro agentligi – MAGATE Toshkentda atom elektr stantsiyasi qurilishida xavfsizlik va boshqa muhim jihatlar boʻyicha seminar oʻtkazmoqda, deb xabar qildi “Oʻzatom” matbuot xizmati.
“Seminarning asosiy maqsadi – xavfsizlik tartib va talablari boʻyicha maslahat, yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatishdan iborat”, - deyilgan xabarda.
Seminar 4-6 fevral kunlari boʻlib oʻtadi va unda “Oʻzatom” agentligi va “Rostatom” davlat korporatsiyasi vakillari ishtirok etishmoqda.
Seminar boshida mahalliy mutaxassislar Oʻzbekistonda AES uchun maydon tanlash ishlarining holati boʻyicha maʼlumot berishdi. Undan soʻng MAGATE AES uchun maydon tanlashda ekologik jihatlar, atom elektr stantsiyasi uchun infratuzilmani rivojlantirishda MAGATE talabining ahamiyati, MAGATE xavfsizlik standartlariga muvofiq litsenziyalash jarayoni, atrof-muhitga taʼsirni baholash va atom-energetika muammolarini ishlab chiqish boʻyicha masalalar atroflicha tahlil etildi.
Eslatib oʻtamiz, 2018 yilda Rossiya va Oʻzbekiston orasida 2 ta energoblokka ega boʻlgan Atom elektr stantsiyasi qurish haqida kelishib olgan edi. AES ning birinchi energoblokini 2028 yilning oxirigacha ishga tushirish moʻljallangan. Ayni damda AES uchun maydon tanlash bosqichi davom etmoqda.