TOShKENT, 31 yanv – Sputnik. Bosh prokuratura huzuridagi Inspeksiya organlari tomonidan suv xo‘jaligi qurilishiga oid qonunlar va hukumat qarorlari ijrosi yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi.
Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Inspeksiya organlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va suv xo‘jaligi qurilishiga oid qonunlar ijrosi doimiy nazorat qilib kelinmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi tekshirishlarda “O‘zsuvqurilishta’minot” respublika birlashmasi, “Davsuvmaxsuspudrat” va boshqa suv xo‘jaligi korxonalarida dalolatnomalarga soxta yozuvlar kiritib, 4 milliard 270 million 204 ming so‘mlik mol-mulk va mablag‘lar talon-toroj qilinib, 71 million so‘mlik ish haqi noqonuniy to‘langanligi aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.