TOShKENT, 29 — Sputnik. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida Eron Islom Respublikasi temir yo‘l tizimi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” axborot xizmati xabar qildi.
Xabarda keltirilishicha, uchrashuvda ikki davlat temir yo‘l sohasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, manfaatli aloqalarni rivojlantirish borasida bir qator masalalar ko‘rib chiqilgan.
“Xususan, tranzit yuklarni tashishda qulayliklar yaratish, bu borada yangi yo‘nalishlarni ko‘rib chiqish, konteyner vagonlari orqali import va eksport xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha fikr yuritilgan. Keyingi yillarda Eron Islom Respublikasida O‘zbekiston paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlariga bo‘lgan talab ortgan. Uchrashuvda ushbu masalaga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, Erondan neft mahsulotlarini olib kelish va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oltingugurtni yetkazib berish borasida ham takliflar bildirilgan”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, Eron O‘zbekiston yo‘nalish bo‘yicha konteynerlar orqali tashuvlar hajmini oshirishni rejalashtirgan. Joriy yilda Xitoydan 50 ming tonna yuk olib kelish belgilangan. Bu borada Qozog‘iston va Turkmaniston davlatlari bilan ham muzokaralar olib borilishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv so‘nggida muhokama etilgan masalalar yuzasidan yig‘ilish bayonnomasi imzolandi.