TOShKENT, 29 — Sputnik. O‘zbekistonda internet tarmog‘i foydalanuvchilari bir necha kun oldin paydo bo‘lgan videoyozuvni muhokama qilishmoqda. Ushbu videoda yosh yigitning YPX inspektoriga nisbatan qo‘pollik qilayotgani aks etgan.
Toshkent IIBB ma’lum qilishicha, voqea 25-yanvar kuni soat chamasi 14.00 larda Shayhontoxur tumanidagi Alisher Navoiy ko‘chasining Toshkent kimyo-texnologiya instituti yonida ro‘y bergan.
YPX inspektori tomonidan “Matiz” va “Kobalt” rusumli avtomobillar haydovchilari to‘xtab turish qoidalarini buzganligi qayd etilgan.
“Kobalt” mashinasini transport vositalari to‘xtash taqiqlangan yo‘l belgisi qo‘yilgan joyda to‘xtatgan mazkur institutning 4-bosqich talabasi 25 yoshli Sardorshayx Yu., YPX inspektoriga o‘z xizmat vazifasini bajarishga to‘sqinlik qilgan. Inspektor qo‘lidan ratsiya, “Matiz” mashinasi haydovchisiga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnoma va unga qarashli haydovchilik guvohnomasini tortib olgan.
Sardorshayx Yu. inspektorga haqorat so‘zlar aytib, uni janjallashishga undagan va bularning barchasini telefonida videoga olgan. Voqea joyiga yetib kelgan Milliy gvardiya va IIBB xodimlari Sardorshayx Yu.ni ichki ishlar tayanch punktiga olib ketgan. To‘plangan ma’lumotlar Shayxontohur tumani prokuraturasiga yuborilgan.
Yosh yigitga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rib chiqilmoqda, deyiladi xabarda.