TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. Moskvadagi Davlat Tretyakov galereyasidan mashhur rus rassomi Arxip Kuindjining "Ay-Petri.Krim" kartinasi o‘g‘irlandi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti, IIV xabariga asosan.
Politsiya vakili Irina Volk aytishiga qaraganda, o‘g‘irlik kunduz kuni, muzey qo‘riqchilari va xodimlari ko‘z oldidan sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxslar san’at asarini odamlar ko‘z oldidan ramkasidan chiqarib olib ketishgan.
“Xodimlarimiz tomonidan Arxip Kuindji qalamiga mansub "Ay-Petri. Krim"san’at asarining o‘g‘irlangani aniqlandi. Ushbu ish yuzasidan barcha ma’lumotlar tekshirilmoqda va o‘g‘irlik sodir etgan kishilarni qidirib topish choralari ko‘rilmoqda”, - deyilgan rasmiy xabarda.
Arxip Ivanovich Kuindjining ushbu san’at asari 1898 – 1908-yillarda yaratilgan bo‘lib, uning o‘lchamlari 39x53 santimetrni tashkil qiladi.San’at asari qog‘ozda moybo‘yoq bilan chizilgan. Uning aniq narxi ma’lum emas, muzey tomonidan 12 mln rublga (200 ming $) sug‘urtalangani ma’lum.