TOShKENT, 28 yanv - Sputnik. Toshkentda jahon futboli afsonasi Roberto Karlos ishtirokidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanida "Real Madrid" klubi, Odil Ahmedov bilan bir klubda to‘p surgani va o‘zbek taomlari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Kecha Ispaniya chempionatidan o‘rin olgan "Espanol" - "Real Madrid" uchrashuvini tomosha qildim. Keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentga uchib keldim. Uzoq parvoz toliqtirganiga qaramay, bugun O‘zbekistondagi bolajonlarni ko‘rib, ular bilan mahorat darslarini o‘tib juda xursand bo‘ldim. Bundan tashqari, Mehribonlik uylariga tashrif buyurib, u yerdagi tarbiyalanuvchilar bilan uchrashdik. Bu uchrashuvlar menda juda yaxshi taassurotlar qoldirdi”, - dedi Braziliya terma jamoasi tarkibida jahon chempioni bo‘lgan Roberto Karlos.
Eslatib o‘tamiz, hozirda Roberto Karlos “Real Madrid”ning yosh jamoasi bilan ishlaydi. O‘zining futboldagi faoliyatida davomida bir necha muddat O‘zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov bilan to‘p surgan.
“O‘zbekistondagi futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashdik. Ularning iste’dodli ekanliklariga guvoh bo‘ldim. Agar akademiyalarda kuchli murabbiylar ishlasa va ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, kelajakda bu akademiyalardan yaxshi futbolchilar yetishib chiqadi. O‘zbek futboli haqida menda yetarlicha tasavvur bor. Terma jamoangiz sardori Odil Ahmedov bilan yaxshi tanishman. U bilan Rossiyaning "Anji" klubida birga to‘p surganmiz”, - deya fikrlari bilan o‘rtoqlashadi Karlos.
Shuningdek, o‘zbek taomlarini juda yaxshi ko‘rashini, Moskvada 3-yil yashagani va o‘sha vaqt davomida asosan o‘zbek taomlari tayyorlaydigan restoranda ovqatlanganganini qo‘shimcha qildi.
"Men butun borlig‘im bilan "Real Madrid" klubiga tegishliman. Masalan, Karlos Puyolni hech kim "Real" libosida tasavvur qila olmaydi. Shuningdek, meni ham "Barselona" libosida tasavvur qilish ilojsiz. Men "Qirollik klubi"ning vakiliman. Oxirigacha shunday bo‘lib qolaman", - dedi u.
2002 yil jahon chempioni va “Real” sobiq o‘yinchisi Roberto Karlos Toshkentda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Shuningdek, Karlos yoshlar uchun master-klass o‘tkazib, o‘rtoqlik uchrashuvda ishtirok etdi. Afsonaviy futbolchiga milliy chopon va do‘ppi sovg‘a qilindi.