TOShKENT, 24 yanv – Sputnik. O‘zbekiston prezidentining tegishli qaroriga ko‘ra, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulteti bazasida tashkil etilgan Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida 2018/2019 va 2019/2020 o‘quv yillarida ushbu bilim yurtining to‘rtinchi va beshinchi bosqich kursantlari ta’lim olishi amaldagi o‘quv dasturlari bo‘yicha tugallanadi.
Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakultetiga 2016, 2017 va 2018-yillarda o‘qishga kirgan, tegishli ravishda uchinchi, ikkinchi va birinchi bosqich talabalarining o‘qishi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bazasida "Telekommunikatsiya texnologiyalari" ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha, tegishli ravishda 2019/2020, 2020/2021 va 2021/2022 yillardan boshlab esa Harbiy institut bazasida amalga oshiriladi.
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab esa Harbiy institutga nomzodlarni saralash tanlov asosida respublikaning muhandislik-texnik oliy ta’lim muassasalarining 3-bosqichini tugatgan, o‘qish yakunlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan, Harbiy institutda o‘qishni davom ettirish hamda kelgusida shartnoma bo‘yicha harbiy xizmat o‘tash istagini bildirgan, shuningdek, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan nomzodlar tarkibidan amalga oshiriladi.
Mazkur harbiy institutida o‘qish O‘zbekiston prezidenti tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq harbiy xizmatni o‘tash bilan tenglashtiriladi.
Harbiy institut bitiruvchilariga “leytenant” harbiy unvoni va davlat namunasidagi diplom beriladi.