TOShKENT, 24 yanv – Sputnik. 2020-yilga kelib O‘zbekiston Havo yo‘llari 6ta Boeing 787-8 Dreamliner samolyotlariga ega bo‘ladi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti kompaniya matbuot xizmatiga tayanib.
“2019-2020 yillar davomida qiymati 250 million dollar bo‘lgan yana 3ta Boeing-787 Dreamliner samolyotini xarid qiladi va MDH hududida ushbu turdagi samolyotlarning eng yirik foydalanuvchisiga aylanadi”, - deyilgan aviakompaniya xabarida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Havo yo‘llari dastlab 2008-yilda Boeing kompaniyasi bilan 250 million dollarlik shartnoma imzolagan edi. Samolyotlar 2016-yilning sentabr oyida yetkazib berildi. Shundan so‘ng 2018-yilning yanvar oyida kompaniya yana 4ta ana shunday samolyot yetkazib berish haqida shartnoma imzolagan. Shartnoma umumiy qiymati ma’lum emas.
O‘zbekiston havo yo‘llari aviaparkida bugungi kunda 30ta Boeing va Airbus samolyotlari xizmat qilmoqda. 2018-yil yakuniga ko‘ra aviakompaniya 3 millionga yaqin yo‘lovchi tashigan. O‘zbekiston havo yo‘llari 20 ta xorijiy yo‘nalishlarga va 10ta mahalliy yo‘nalishlarda doimiy parvozlar amalga oshiradi.