TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari huzurida 155 dan ortiq zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Markazlari (shelterlar) tashkil etildi, deb xabar qildi Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati.
“Markazlarda zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollar uchun shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, zarurat bo‘lganda, ularga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish ishlari tashkil etilgan”, - deyiladi xabarda.
Og‘ir ahvolda qolgan ayollarga yordam berish maqsadida Respublika doirasida yagona qisqa raqamli “1146” "ishonch telefoni" ishga tushirilgan. Murojaatchining shaxsi va murojaati sir saqlanishi kafolatlanadi.
Shuningdek, shelterlar joylashgan aniq manzillar ayollarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida sir tutiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda 30 mingdan ziyod oila ajrashishga ariza bergani haqida xabar bergandik.