TOShKENT, 18 yanv – Sputnik. Professional futbol ligasi sport bo‘limi mutaxassisi Rodion Kondratyev 1 500 dollar miqdorida pora olayotgan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani "Ittifoq" jamoasini Pro-liganing "V" ligasida ishtirok etishi uchun litsenziyalashdan o‘tkazib berish evaziga 2 500 dollar miqdorida pora so‘ragan.
Bu haqida xabar topgan O‘FA Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi Toshkent shahar prokuraturasining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash departamenti bilan hamkorlikda maxsus tadbir o‘tkazdi.
Tadbir natijasida bugun Rodion Kondratyev O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasining yonida 1 500 dollar miqdorida pora olayotgan paytda qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasida O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi hal qilinmoqda.