TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda g‘o‘zaning yangi – “Niyat” navi yaratildi va uni yetishtirish uchun patent berildi, deb xabar berdi Intellektual mulk agentligi.
Yangi “Niyat” g‘o‘za navi Xorazm Ma’mun akademiyasining seleksioner olimlari tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan.
Xabarda aytilishicha, ushbu nav tolasining texnologik ko‘rsatkichlari O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshidagi “Agrosanoat majmuida xizmat ko‘rsatish markazi” unitar korxonasi laboratoriyasida tahlil qilingan. Tahlillarning ko‘rsatishicha, ushbu yaratilgan yangi navlar tolasining sifati unga sanoat ishlab chiqarishi tomonidan qo‘yilgan talablarga javob beradi.
“Niyat” g‘o‘za navini 2019-yilda Xorazm viloyatining ayrim tumanlarida sinov sharti bilan ekishga ruxsat berildi”, - deyilgan xabarda.
O‘zbekistonda 2019-yilda qancha maydonga paxta ekilishi ma’lum bo‘ldi
Intellektual mulk agentligi tomonidan Ma’mun akademiyasiga o‘simlik navi uchun patent berildi, ushbu nav mualliflari D. Akkujin, Sh. Qodirov, I. Abdullayev, F. Jumaniyozov, U.Abdurahimov, R. Masharipova, B. O‘rinovlardan iborat.