TOShKENT, 11 yanv - Sputnik. Yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berildi. Bu haqda urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident Farmonida aytilgan, deb xabar qildi "Huquqiy axborot" kanali.
Hujjatda O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Farmonga muvofiq, 2019-yil 1-iyuldan:
- yuridik shaxslar bino va inshootlari, sanoat infratuzilmasi obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;
- jismoniy shaxslar yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;
- xususiylashtirish mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan amalga oshiriladi;
- jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk hisoblanadi va daxlsizdir;
Ta’kidlanishicha, xususiylashtirish faqatgina kadastr hujjatlari mavjud bo‘lgan holda hamda Hukumat tomonidan belgilanadigan miqdorlarda pullik asosda amalga oshiriladi.