TOShKENT, 3 yanv - Sputnik. Magnitogorskda portlash oqibatida vayron bo‘lgan bino uyumlari ostidan qutvaruvchilar 38-qurbon jasadini olib chiqdilar, deb xabar qildi RIA Novosti Rossiya FVV matbuot-xizmatiga tayangan holda.
FVV xodimi ayol kishi tanasi olib chiqilgani, shu bilan qurbonlar soni 38 nafarga yetganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni Rossiyaning Chelyabinsk viloyati Magnitogorsk shahrida maishiy gaz portlashi oqibatida ko‘pqavatli uylarning birining podyezdi o‘pirilib tushgan.
Favqulodda holat yuz bergach kasalxonaga zudlik bilan besh nafar jabrlanuvchi yetkazilgan. Oradan bir sutka o‘tgach, bino vayronalari uyumlari ostida 11 oylik bolakay topildi va u Moskvaga evakuatsiya qilindi. Bolakay ahvoli stabil deb baholangan va sog‘lig‘ida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Qutqaruvchilar esa qo‘l mehnati yordamida uyumlarni tekshirishda davom etishmoqda.
Magnitogorskda yuz bergan fojia munosabati bilan Rossiya rahbari nomiga dunyo yetakchilaridan hamdardlik maktublari kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinga birinchilar qatorida ta’ziya bildirgan edi.
Hukumat qaroriga muvofiq, halok bo‘lgan fuqarolar oilalariga bir million rubldan yordam ko‘rsatiladi, o‘rta yoki og‘ir turdagi jarohat olgan fuqarolarga 400 ming rubldan, yengil jarohat olganlarga 200 ming rubldan mablag‘lar beriladi.
Uyumlar ostida halok bo‘lgan 16 kishi dafn marosimi 7-yanvarga qadar o‘tkaziladi.