2018 yilda Oʻzbekiston mudofaa salohiyatini oshirish, qoʻshinlarning jangovar shayligini yuksaltirish, milliy armiyani zamonaviy harbiy-texnika va qurol-aslahalar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Oʻzbekiston prezidentining 4 avgustdagi qaroriga koʻra, armiyada tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi joriy etilib, harbiy psixolog, sotsiolog lavozimlari kiritildi, Qurolli Kuchlar tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish Kontseptsiyasi tasdiqlandi.
Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida Mudofaa vazirligi Sport klubi aʼzolari 10 ta oltin, 12 ta kumush hamda 11 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Toshkentdagi "Universal" sport majmuida MDHga aʼzo davlatlar doʻstona armiyalari oʻrtasidagi armiya qoʻl jangi chempionatida Oʻzbekiston harbiylari jamoasi 5 ta oltin medal bilan birinchi oʻrinni qoʻlga qiritdi.
Birinchi marta Oʻzbekiston va Tojikiston respublikalari qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari oʻrtasida Tojikiston hududida hamkorlikda "Jangovar hamdoʻstlik—2018" oʻquv mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi.
Toshkentda birinchi marta MDHga aʼzo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kenashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston respublikalarining mudofaa idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qoʻshin razvedkachilari oʻrtasida oʻtkazilgan «Kembriya patruli» xalqaro tanlovida birinchilikni qoʻlga kiritdi.
Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlaridan tarkib topgan "Sharq yulduzi" terma jamoasi Moskvada boʻlib oʻtgan «Mudofaa vazirining KVN kubogi» xalqaro festivalida ishtirok etib, 2-oʻrinni egalladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning farmoyishiga binoan Mudofaa vazirligi qoʻshinlari tarixda birinchi marta oʻquv signali boʻyicha yuqori jangovar shaylikka keltirildi.
Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Global Firepower tomonidan tuzilgan, 136 mamlakat qurolli kuchlari ishtirok etgan dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida 9 pogʻona yuqoriga koʻtarilib, 39 oʻrinni egalladi.







