TOShKENT, 29 dek - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Davlat rahbarlari avvalo Yangi yil munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, ezgu tilaklar bildirdilar.
Shuningdek. ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlashning istiqbolli yo‘nalishlari va aniq loyihalari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Elektr energiyasi va tabiiy gazni barqaror yetkazib berish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlik qilinmoqda, avtomobil qatnovi va aviaparvozlar yo‘lga qo‘yildi.
Davlat rahbarlari mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik munosabatlarini O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari farovonligi yo‘lida bundan buyon ham kengaytirish hamda mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini alohida ta’kidladilar.
Suhbat yakunda yana bir bor yangi – 2019-yilda mamlakatlarning qardosh xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.