TOShKENT, 28 dek - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan navbatdagi Murojaatnomasida oliy ta’lim tizimi haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qildi.
“Oliy ta’lim tizimida tahsil olish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur. Yurtimizda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish o‘tgan yillarda 9-10% bo‘lib kelayotgan edi. So‘ngi 2-yilda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli biz bu raqamni 15%dan oshirishga erishdik. Lekin bu hali yetarli emas, chunki dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich ularda o‘rtacha 60-70%ni tashkil etadi”, - dedi prezident.
Shuningdek, 2019-yilda mamlakatda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 20 foizga yetkazish va kelgusi yillarda oshirib borish muhim vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi.
“Yoshlarimizga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berishimiz, o‘ylaymanki, ularning ta’lim olish huquqlarini kengaytirishga xizmat qiladi”, - deb taklif kiritdi Mirziyoyev.
Shuningdek, bakalavriat yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga xorijda o‘qishini davom ettirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish lozimligini ma’lum qildi. Jamiyatda oliy ma’lumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha ko‘p bo‘lsa, rivojlanish shuncha tez va samarali bo‘lishini ta’kidladi.