TOShKENT, 27 dek - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning moliyaviy-iqtisodiy Tursomoney nashri tomonidan tuziladigan har yilgi reytingda "Yil xorijiy davlat arbobi" sifatida tan olindi. Bu haqda Istanbulda Turkiya Buyuk Milliy kengashi spikeri Binali Yildirim ishtirokida o‘tkazilgan tantanali marosim davomida e’lon qilingan.
Xabarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev bu yuksak e’tirofga tashqi dunyo, xususan, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalar va o‘zaro hamkorlikning mustahkamlanishiga, shuningdek Markaziy Osiyo mintaqasida va uning atrofida hamkorlikni jadal tus olishiga qo‘shgan muhim va amaliy xizmatlari tufayli munosib topilgan.
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur reyting ikki asosiy — "Yilning xorijiy davlat arbobi" va "Turkiyaning atoqli davlat arbobi" — nominatsiya va 6 ta yo‘nalish bo‘yicha belgilanadi. Kollegial komissiya va juri qarori Turkiya hamda chet el siyosatchilari, biznes vakillari faoliyatini o‘rganish va tahlil qilish asosida qabul qilinadi. Juri tarkibiga jurnal ekspertlari, Turkiya hukumati va parlamenti a’zolari, mamlakat mintaqalari vakillari kiradi.
"Turkiyaning buyuk davlat arbobi" va yilning eng asosiy ikkinchi nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib sobiq Bosh vazir va Turkiya parlamentining amaldagi spikeri Binali Yildirim bo‘ldi.
Tantanali marosimda chiqishi davomida Yildirim O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan barcha sohadagi chuqur islohotlarga yuqori baho bergan.