TOShKENT, 26 dek – Sputnik. Adliya vazirligi “Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz va suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qaror loyihasini tayyorladi.
Qaror loyihasida 2019-yil 1-yanvardan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda ichimlik suvni hisobga olish uskunalarini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini amalga kiritish nazarda tutilgan.
“2019 yil 1-yanvardan boshlab ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlarga muvofiq ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun yuridik va jismoniy shaxslar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar”, - deyilgan hujjat loyihasida.
Reglamentning 8-bandida davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun yig‘imlar ko‘rsatilgan:
- jismoniy shaxslardan eng kam oylik ish haqining 30 foizi;
- yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.
Yig‘imlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
20 foizi - Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasining shaxsiy hisob raqamiga o‘tkaziladi;
10 foizi - Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi (agar davlat xizmati yagona interaktiv portal orqali ko‘rsatilsa);
10 foizi - “O‘zstandart” agentligining hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Qolgan mablag‘lar hududiy unitar korxonasi filialining bank hisob raqamiga o‘tkaziladi.