TOShKENT, 24 dek – Sputnik. O‘zbekiston maktablarda bo‘lajak huquqshunoslarni tarbiyalash dasturlari amalga oshiriladi. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi hamda Adliya vazirligi aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha hamkorlik dasturini imzoladi, deb xabar qildi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.
Dastur doirasida vazirliklar xalq ta’limi sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash va qonun hujjatlari ijrosini tashkil etish, shuningdek, mazkur sohaga doir qonun hujjatlarini keng targ‘ib qilish, yosh avlodning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishda o‘zaro hamkorlik qiladi. Jumladan, tomonlar xalq ta’limi muassasalarida huquqiy savodxonlik burchaklarini tashkil etadi.
Shu bilan birga, vazirliklar xalq ta’limi muassasalari xodimlari faoliyatini mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq tashkil etishda hamkorlik qilishi belgilangan. Xususan, tomonlar O‘zbekiston bo‘ylab xalq ta’limi muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va “odob-axloq” oyligini o‘tkazish hamda korrupsiya haqida tezkor va anonim xabar berish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ish olib borishni rejalashtirgan.
Dastur doirasida “Huquqiy savodxonlik oyligi”, “Odob-ahloq oyligi” kabi tadbirlar, maktablarda huquqiy savodxonlikni oshirish uchun maxsus darslar o‘tkazish rejalashtirilgan. Maktablarda bo‘lajak huquqshunoslarni tarbiyalash dasturlari amalga oshiriladi.
Ushbu loyiha huquqiy targ‘ibot sohasida Xalq ta’limi va Adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishi hamda bu borada qonun ustuvorligini ta’minlanishiga, shuningdek, yosh avlodning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi kutilmoqda.