O‘zbekistonliklarga Yangi yil archasini o‘rnatish qoidalari haqida eslatma berildi

© Sputnik / Andrey Iglov / Mediabankka o‘tishShar na novogodney yelke
Shar na novogodney yelke - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Kattalar va kichkintoylar uchun birdek sevimli bayram bu – Yangi yildir. Ko‘pchilik ushbu bayramga oldindan tayyorgarlik ko‘rib, archani bezatish uchun turli o‘yinchoqlar xarid qiladi.

TOShKENT, 24 dek — Sputnik. O‘zbekiston IIV fuqarolarni Yangi yil shodiyonalarini ko‘ngildagidek, shodu xurramlik bilan kutib olish uchun quyidagi yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga chaqiradi:

- o‘quv yurtlarda va tashkilotlarda archani binolarning 1-qavatidagi keng xonalarga o‘rnatilishi, unda xonaning kamida ikkita chiqish joyi bo‘lishi shart;

- o‘tish joylarini sun’iy ravishda toraytirish, u yerlarga qo‘shimcha o‘tirish uchun jihozlar o‘rnatish va belgilangan meyordan ko‘p odamlar bilan xonalarni to‘ldirish mumkin emas;

- muassasa rahbarlari tantana boshlanishi oldidan yoritgichlar sozligini, elektr sim va kabellar ulanishi "Elektr uskunalarini tuzilish qoidalari" asosida bajarilganligini, yong‘inni o‘chirishga mo‘ljallangan birlamchi vositalari mavjudligini va ularni ishga yaroqliligini tekshirib ko‘rishlari shart;

- Yangi yil bayram tadbirlari o‘tkaziladigan obyektlarda archa mustahkam qilib o‘rnatilishi, shoxlari devor va shiftlarga tegmasligi, sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan elektr girlyandalari va tez alangalanuvchi buyumlar bilan bezatilmasligi qattiq nazoratga olinishi zarur;       

- archa qog‘oz, selluloid o‘yinchoqlar, paxta va tez yonuvchi materiallar bilan bezatilishi mumkin emas;

- archani isitish moslamalari yonida o‘rnatmaslik kerak;

- bayram marosimlari vaqtida turli mushak va boshqa pirotexnika buyumlaridan foydalanish taqiqlanadi;

- bolalarni archa atrofida va archa o‘rnatilgan xonada qarovsiz qoldirish hamda ularni tez yonuvchi materiallardan tayyorlangan kiyimlar bilan yasantirish mumkin emas;

- tadbir vaqtida ochiq olovdan foydalanish va shunga o‘xshash yong‘in yoki portlash xavfi bor ishlarni amalga oshirmaslik zarur;

- nosoz elektr o‘chirgich, rozetka, turli maishiy elektr jihozlardan hamda tashqi himoya qobiqlari shikastlangan yoki zararlangan elektr sim va kabellardan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.

Xabarda agarda yong‘in alomati sezilsa, avvalo yosh bolalarni xavfsiz joyga chiqarib, zudlik bilan “101” raqamiga qo‘ng‘iroq qilish so‘ralgan.

Shuningdek, qishning sovuq kunlarida xonadonda yong‘in chiqmasligi uchun nosoz gaz va elektr moslamalari hamda qo‘lbola isitish uskunalaridan foydalanmaslik kerak.

Yangiliklar lentasi
0