TOShKENT, 21 dek - Sputnik. Qirg‘iziston poytaxtida 2019-yil 1-yanvardan boshlab jamoat joylarida tupurgan shaxslar jarimaga tortiladi.
"Qirg‘izistonda 2019-yil 1-yanvardan shahar obodonchilik qoidalarini buzganlik uchun katta miqdorda jarima nazarda tutilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risida yangi kodeks amal qilishni boshlaydi", deya xabar qilgan Bishkek shahar hokimligi matbuot xizmati.
Yangilangan hujjatga "Tupurish" bandi kiritilgan. Mazkur bandga binoan quyidagi jarima miqdori nazarda tutilgan: jismoniy shaxslarga nisbatan – 5,5 ming qirg‘iz somi (78 dollar), yuridik shaxslarga nisbatan – 17 ming qirg‘iz somi (243 dollar).
Shuningdek, xazon yoqish uchun ham jarima miqdori jismoniy shaxslarga nisbatan 7,5 ming (107 dollar) va yuridik shaxslarga nisbatan 23 ming qirg‘iz somgacha (329 dollar) (avval 10 ming (143 dollar) edi) oshirilgan.