TOShKENT, 21 dek - Sputnik. Xalq deputatlari Toshkent shahar sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayev nomzodini shahar hokimi lavozimiga tavsiya etdi. Prezident matbuot-xizmati xabariga asosan.
"Toshkent mamlakatimiz uchun qanchalik muhimligini hammangiz yaxshi bilasiz. Bu yerga rahbar qo‘yish ham osonmas. Shuni inobatga olib, Jahongir Ortiqxo‘jayevni hokim vazifasini bajaruvchi sifatida 8 oydan buyon sinadik. To‘g‘risini aytish kerak, u shaharga kelib, muhitni o‘zgartirishga erishdi. Hokimlikning obro‘sini oshirdi, tadbirkorlarni o‘ziga ergashtira oldi. Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahrining sharoitini, uning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini, bu yerdagi odamlarni va faollarni yaqindan biladi. Eng asosiysi, qanday qilib odamlar uchun ish joyi tashkil etishni yaxshi biladi", - dedi Mirziyoyev.
Xalq deputatlari Jahongir Ortiqxo‘jayev nomzodini qo‘llab-quvvatladi. So‘zga chiqqanlar yangi hokim va uning barcha o‘rinbosarlari, barcha faollar bir musht bo‘lib, poytaxtimizni jadal rivojlantirish bo‘yicha bugun belgilab berilgan vazifalarni bajarish yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishini ta’kidladilar.