TOShKENT, 20 dek – Sputnik. Toshkentda savdo majmualaridan birining avtoturargohida to‘xtatilgan avtomashina ichida katta miqdorda kontrabanda mobil telefonlari borligi aniqlandi, deb xabar qildi bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, fuqaro M.X. boshqaruvidagi “Neksiya-2” rusumli avtomashina kuzatuvga olinib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtomashina saloni va yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan jami 361 dona yangi uyali telefon apparatlari borligi aniqlandi.
Yuk egasi bo‘lgan fuqaro M.X. dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qiymati salkam 567 million so‘mni tashkil etgan ushbu uyali telefon apparatlariga tegishli hech qanday hujjatlarni taqdim eta olmadi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.