TOShKENT, 17 dek — Sputnik. Uzbekistan Airways uch millioninchi yo‘lovchisi – Iskandar Fozilovga esdalik sovg‘alarini hadya qildi, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.
Iskandar Fozilovga uning maxsus yo‘lovchi ekanligi Dubay shahri aeroportida ro‘yxatdan o‘tayotgan vaqtida ma’lum qilinib, Boeing 787 samolyot bortida ham ekipaj a’zolari nomidan alohida tabriklar e’lon qilindi.
“Aviakompaniya uchun bu muhim voqea bo‘ldi, chunki uch millionlik ko‘rsatkichga 26-yil davomida aviatashuvchi ilk bora erishdi”, - deyilgan xabarda.
Xabarda yozilishicha, “kun qahramoni”ga tabrik so‘zlari, esdalik sovg‘alari, jumladan, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi samolyotining maxsus maketi va istalgan yo‘nalishga aviabilet sertifikati taqdim etildi.
Aviakompaniya maxsus yo‘lovchini bir kunda tashilgan yo‘lovchilar o‘rtacha miqdorini aniqlash tizimi asosida avvaldan belgiladi. Qatnov va yo‘lovchi, ya’ni "kun qahramoni" ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng aniqlandi.