TOShKENT, 16 dek - Sputnik. Kecha, 15-dekabr kuni Toshkentdagi 8 - avtobus saroyida yong‘in sodir bo‘ldi. Saroyning ta’mirlash sexida chiqqan yong‘inda 2ta avtobus yonib ketdi, deb xabar qilmoqda "Toshshahartransxizmat".
Xabarda aytilishiga ko‘ra, yong‘in texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinmay olib borilgan payvandlash ishlari oqibatida kelib chiqqan.
"15 dekabr kuni, soat 13:40lar atrofida “8-avtobus saroyi” MChJ hududida joylashgan “Toshavtota’mirxizmat” UK ishlab chiqarish kuzov ta’mirlash bo‘limida payvandlash ishlarini olib borish jarayonida, texnik xavfsizlik qoidalari buzilganligi oqibatida, yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘in oqibatida, ishchi va xizmatchilardan hech kim jarohatlanmagan ammo, ta’mirlashda bo‘lgan 2 ta avtotransport vositasiga zarar keltirilgan", - deyilgan "Toshshahartransxizmat" rasmiy xabarida.
Yunusobod tuman Yong‘in xavfsizlik xizmati xabarida aytilishiga ko‘ra, ushbu yong‘inda 1ta MAN va 1ta Mercedes rusumli avtobuslar zarar ko‘rgan. Ayni damda ushbu ish yuzasidan Yong‘in xavfsizligi bo‘limi va "Toshshahartransxizmat" AJ ma’sul xodimlari tomonidan ishchi guruh tuzilib, tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil boshida "Toshshahartransxizmat" tarkibida Samarqandda ishlab chiqarilgan, gazda harakatlanuvchi MAN avtobuslari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlagan edi. Kelajakda 350ta ana shunday avtobuslar xarid qilish rejalashtirilgan.