TOShKENT, 15 dek - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkent shahrida O‘zbekistonning eng muhim investitsion loyihalaridan biri bo‘lgan "Uzbekistan GTL" loyihasini amalga oshirish doirasida umumiy qiymati 2,3 milliard AQSh dollari miqdoridagi moliyalashtirish hujjatlarini imzolash marosimi o‘tkazildi.
Ushbu marosimda Xitoy Taraqqiyot banki, Koreya Eksport-import banki, Koreya Savdo va Sug‘urtalash korporatsiyasi, "Gazprombank" aksiyadorlik jamiyati, Eksport kreditlari va investitsiyalari sug‘urtasi bo‘yicha Rossiya agentligi, Gredit Suisse" Shveysariya banki, Yaponiyaning Mufc, Smbc va Mizuho banklari, Rossiya, Koreya elchixonalarining vakillari, "O‘zbekneftegaz" AJ, O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot fondi rahbariyati va boshqalar ishtirok etishdi.
2,3 milliard dollarning 1 milliardini Xitoy tomoni, 600 million dollardan ortig‘ini Janubiy Koreya va 700 millionga yaqinini boshqa kreditorlar ajratishmoqda.
"Hozirgi kunda O‘zbekiston o‘z oldiga iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha yangi maqsad va vazifalarni qo‘yapti. Uzbekistan GTL kabi zamonaviy korxonani qurilishi O‘zbekistonning boshlangan iqtisodiy islohotlarni davom ettirishga bo‘lgan qat’iyatining yorqin tasdig‘idir", - deb ta’kidladi o‘z tabrik nutqida "O‘zbekneftegaz" AJ Boshqaruv raisi Bahrom Ashrafxonov.
Loyihaning bosh pudratchisi Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering va Singapurning Hyundai Engineering and Construction va Enter Engineering kompaniyalari konsorsiumidir.
Tadbirda moliyalashtirish institutlari, Uzbekistan GTL loyiha korxonasi va "O‘zbekneftegaz" AJ vakillari kredit va moliyaviy hujjatlarni imzolash marosimini o‘tkazdilar.
Imzolash marosimidan so‘ng loyiha uchun shampan vinosi to‘ldirilgan qadahlar ko‘tarildi.
Bugunga kelib, zavodning "kaliti bilan topshirish" qurilish kontraktining umumiy amalga oshirish jarayoni 65%ni tashkil etadi. Zavodning Qashqadaryo viloyatidagi qurilish maydonida qurilish ishlari jadal davom etmoqda. Hozirda qurilish maydonida 5 mingdan ziyod ishchi va mutaxassislar, shu jumladan chet ellik mutaxassislar jalb qilingan hamda 500ga yaqin qurilish, maxsus va og‘ir yirik o‘lchamli texnika safarbar qilingan.
G‘uzor tumanida qurilayotgan GTL zavodi "Yevro-5" standartlariga javob beradigan 1,5 mln. tonnadan ortiq yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaradi.
Loyihani amalga oshirish tabiiy gazni chuqur qayta ishlash quvvatini kengaytirish, uglevodorod hom ashyosi importini qisqartirish, yuqori sifatli va ekologik toza yoqilg‘iga ichki ehtiyojni qoplash hamda bozorni mahalliy hom ashyodan ishlab chiqarilgan strategik mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini beradi.