TOShKENT, 15 dek - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston aviakerosin va dizel eksportini yo‘lga qo‘yishi mumkin, dedi shanba kuni Toshkentda "Uzbekistan GTL" loyihasini moliyalashtirish hujjatlarini imzolash tadbirida "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi Bahrom Ashrafxonov.
Ashrafxonovning so‘zlariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida qurilayotgan GTL zavodining asosiy maqsadi - O‘zbekistonda qazib olinayotgan tabiiy gazni shu yerning o‘zida qayta chuqur ishlash hamda shu sintetik yoqilg‘ini ishlab chiqarish natijasida, chetdan, uchinchi davlatlardan kelayotgan uglevodorod xom-ashyosi importini keskin kamaytirishdan iborat.
"Zavodning qurilish ishlari 60 foizga bajarilgan va u 2020-yilning ikkinchi yarmida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda", - dedi Ashrafxonov va ushbu loyiha tufayli o‘zbekistonlik mutaxassislar yuqori texnologiya asosida ulkan investitsion loyihani amalga oshirish bo‘yicha qimmatbaho tajriba orttirishlarini qo‘shimcha qildi.
Ashrafxonov shuningdek, GTL zavodi tufayli, O‘zbekiston aviakerosin va dizel yoqilg‘ilari importidan voz kechishi mumkinligini qayd etdi.
"Agar biz 311 ming tonna aviakerosinni O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarsak, chet eldan import qilishga hojat qolmaydi. Biz bu orqali nafaqat O‘zbekiston Havo yo‘llarining 118 ming tonna aviakerosinga bo‘lgan ehtiyojini qondirishimiz, balki ichki ehtiyojdan tashqari qolgan qismini eksportga yo‘naltirishimiz mumkin bo‘ladi. Bu degani - loyiha O‘zbekistonga chetdan valyuta kirib kelishini ta’minlaydi", - dedi "O‘zbekneftgaz" rahbari.
Eslatib o‘tamiz, "Sho‘rtan GKKning tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish" investitsiya loyihasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 29-dekabrdagi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.