TOShKENT, 13 dek – Sputnik. O‘zbekiston bojxona xizmati naqd xorijiy valyutalarni noqonuniy ravishda olib chiqishga bo‘lgan holatlarni aniqlash davom etmoqda. Bu safar Toshkent viloyatida ikkita yirik holat aniqlandi, deb xabar qildi bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.
Xususan, Toshkent viloyatidagi “Bekobod avto” postiga piyoda holda kirib kelgan fuqaro B.D. bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, o‘ng va chap oyoqlariga kiyib olgan paypoqlari ichiga yashirgan xolda 20 ming dollarini O‘zbekistondan olib chiqishga urinishi oldi olindi.
Shuningdek, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti xodimi tomonidan ushbu postga piyoda holda kirib kelgan fuqaro D.K. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, egnidagi ichki kiyimi ichiga yashirilgan va og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan 1 mln. qozoq tengesini qo‘shni davlatga olib o‘tayotganligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.