TOShKENT, 13 dek – Sputnik. Toshkent shahar IIBB tomonidan “layklar” uchun Instagramga videoni joylashtirgan yoshlarga nisbatan chora ko‘rildi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, instagram ijtimoiy tarmog‘iga o‘zlarini “blogerlar”, “vlogerlar”, “prankerlar” deb hisoblaydigan bir guruh yoshlar tomonidan tayyorlangan ikkita videolavha joylashtirildi.
Birinchi videoda ikki nafar yosh yigitlar poytaxt supermarketlaridan birida o‘zlarini janjallashayotganday tutib, jamoat tartibini buzganlari tushirilgan.
Ikkinchisida esa “bezorilardan” biri o‘rtog‘i bilan transport vositasini olib qochishganini sahnalashtirishgan, shuningdek ularning mashinasi boshqa bir avtomobil tomonidan yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzgan holda ta’qib qilinayotgani aks etgan.
Ular oliy o‘quv dargohlardan birining talabalari – 20 yoshli Umidjon Sh. va Akbar A., 18 yoshli David T. va 17 yoshli Yevgeniy K. ekanligi aniqlangan.
“Supermarketdagi “mojaro” videosida Umidjon va David ishtirok etishgan. Ushbu fakt asosida ular O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 moddasiga muvofiq mayda bezoriliklari uchun javobgarlikka tortildilar”, - deyilgan xabarda.
Bundan tashqari, Umidjon Sh., Akbar A., David T. va o‘rtoqlarining harakatlarini videoga tushirgan Yevgeniy K. bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.