TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Hindistonning Agra shahridagi Toj Mahal maqbarasiga tashrif buyurish narxi 200 rupiyga (uch dollarga) oshirildi. Bu haqda Hindiston arxeologiya boshqarmasi boshlig‘i Vasant Kumar Svarnkaar ma’lumotiga asoslanib RIA Novosti xabar berdi.
Qo‘shimcha to‘lov obidaning asosiy joyi — Boburiylar avlodi bo‘lgan Shoh Jahon va uning rafiqasi Mumtoz Mahalbegim qabrlarini ziyorat qilishni xohlaydiganlardan undiriladi. Buning uchun endilikda chipta uchun mahalliy aholi 250 rupiy (3,5 dollar), xorijliklar esa 1,3 ming rupiy (18,5 dollar) to‘laydi.
Hindiston madaniyat vazirligining RIA Novostiga ma’lum qilishicha, mazkur qaror Toj Mahalga tashrif buyuruvchilar sonini cheklashga xizmat qiladi, sababi qadimiy qadamjoning ichki qismi turistlarning to‘xtovsiz oqimi tufayli buzilishda davom etmoqda.
“Avvaliga Toj Mahalni bunday ko‘p miqdordagi ziyoratchilardan qutqarish uchun hatto ikkita chipta tizimini kiritish rejalashtirilgan edi”, - deydi vazirlik vakili.
Eslatib o‘tamiz, Toj Mahal Zahiriddin Boburning evarasi bo‘lgan Shoh Jahon tomonidan rafiqasi, o‘n to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirayotganda hayotdan ko‘z yumgan Mumtoz Mahalbegim sharafiga XVII asrda bunyod etilgan. O‘zida fors, hind va arab me’morchilik uslublarini mujassamlashtirgan. Ushbu sehrli majmua haligacha butun dunyodan millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda. Mazkur ko‘hna obida Hindistonning “tashrif qog‘ozi” va u yerdagi eng mashhur yodgorlik hisoblanadi.