TOShKENT, 6 dek - Sputnik. Moliya vazirligi tomonidan 2019-yil Davlat budjeti loyihasi bo‘yicha “Fuqarolar uchun budjet” axborot nashri tayyorlanib, ommaga havola etildi.
Soddalashtirilgan budjet loyihasi BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasining moliyaviy yordamida tayyorlangan.
“Fuqarolar uchun budjet – bu Davlat budjeti to‘g‘risida, keng omma (barcha fuqarolar) uchun qulay va tushunarli tilda ko‘rsatilgan ma’lumotlar to‘plamidir”, - deb ma’lum qilishdi vazirlikda.
Xabarda keltirilishicha, “Fuqarolar uchun budjet” loyihasida iqtisodiy termin va atamalardan iloji boricha kamroq foydalangan holda ko‘proq, inforgrafikalar, misollar va tahliliy ko‘rsatkichlardan foydalanib, fuqarolarga imkon qadar qo‘proq foydali ma’lumotlarni yetkazish maqsad etib belgilangan.
2019 yilgi Davlat budjeti loyihasida 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan soliq va budjet siyosati islohotlarning asosiy yo‘nalishlari aks ettirilgan.
“Fuqarolar uchun budjet” loyihasining xulosaviy qismida “Sizning fikringiz”shaklida savolnoma keltirilgan. Ushbu savolnoma natijalaridan navbatdagi loyihani ishlab chiqishda foydalaniladi.
Shuningdek, Moliya vazirligi “Ochiq budjet” saytini ishlab chiqmoqda. 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan Davlat budjeti ma’lumotlarini onlayn tarzda olishlari mumkin bo‘ladi.
Fuqarolar uchun budjet loyihasi Buyuk Britaniya, Rossiya Federatsiyasi, Norvegiya, Braziliya, Meksika va boshqa ko‘plab yetakchi davlatlarda chop etiladi.