TOShKENT, 6 dek - Sputnik. Samarqand xotin-qizlar raisi Hamrotosh Shodiyeva egallab turgan lavozimidan chetlatildi.
Samarqand hokimligi matbuot-xizmati O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan Gavhar Alimova Samarqand viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining V hisobot-saylov konferensiyasida Shodiyevaning o‘rniga tayinlangani to‘g‘risida xabar qildi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov ishtirokida o‘tkazilgan konferensiya ishida 2012-2018 yillarda viloyat xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilingan.
Tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyevning "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosi yuzasidan notinch oilalarga tizimli yordam yo‘lga qo‘yilgani, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarning 259 nafari uy-joy bilan ta’minlanganligi, jinoyat sodir etayotgan ayollar soni kamayganligi ta’kidlangan.
"Amalga oshirilgan ishlarning natijasi bo‘lmish ijobiy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda hali tizimda kamchiliklar yetarli. Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik bor-yo‘g‘i 25 %ga kamaygan, oilaviy ajralishlar ham kamaygan bo‘lsa-da, ammo juda kichik foizda. Farmon ijrosiga ko‘ra, bugun xotin-qizlar qo‘mitasi tizimida katta imkoniyatlar yaratildi, sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislar soni keskin ortdi. Bunday imkoniyat bilan oilalardagi muammolarni o‘z vaqtida o‘rganish va uning oldini olish mumkin", - degan Narbayeva.