TOShKENT, 5 dek – Sputnik. Vanihoyat, O‘zbekistonda ko‘plab mojarolarga sabab bo‘layotgan holatga aniqlik kiritildi – YPX xodimlarini suratga olishga ruxsat berildi, deb xabar qilmoqda Norma.uz.
“O‘zbekistonda 4-dekabrdan boshlab YPX xodimlari harakatlarini foto va video suratga olishga rasman ruxsat berildi. Faqat foto va video suratga olish ta’qiqlangan joylar bundan mustasno”, - deyilgan xabarda.
Undan tashqari, haydovchilar uchun videoga olish – ko‘ngilli ish bo‘lsa, YPX xodimlari uchun bu - majburiy amaliyotga aylanadi. 2019-yilning 1-iyulidan boshlab barcha YPX xodimlari tanaga mustahkamlanadigan mobil kamera bilan jihozlanadi. Kamerasi bo‘lmagan xodimga - hujjat taqdim etish shart emas, deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 4-dekabr kuni qabul qilingan 975-sonli qarorida YPX xodimlari faoliyatiga doir muhim o‘zgarishlar kiritilgan. Xususan, xodimlar faqat belgilangan joylarda xizmat olib borishlari, ularning yashirinishi mumkin emasligi haqida aytib o‘tilgan.