TOShKENT, 5 dek - Sputnik. Samarqand shahrida 20ta, Urgut va Samarqand tumanida 5tadan yangi mehmonxona quriladi. Bu haqda viloyat hokimining joriy yil 29-noyabrdagi qarorida aytib o‘tilgan, deb xabar qildi Samarqand viloyati hokimligi matbuot-xizmati.
"Shu yilning 9-dekabriga qadar mazkur shahar va tumanlarda mehmonxonalar qurilishi uchun yer uchastkalari ajratiladi", - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, namunaviy loyihalar asosida mehmonxonalar qurish yuzasidan investor-tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha viloyat ishchi guruhi tashkil etiladi. Qurilishi rejalashtirilgan mehmonxonalar uchun xorijiy va mahalliy tadbirkorlarni jalb etish, ular bilan muzokaralar o‘tkazish kabi vazifalar ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.
Ikki oy muddatda esa mehmonxonalarning bandligini ta’minlash hamda bron qilishning samarali tizimini joriy qilgan, ko‘rsatilayotgan xizmatlarni targ‘ib qilgan va mehmonxona xodimlarini o‘qitgan holda faoliyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha marketing ishlari rejasi ishlab chiqiladi.