TOShKENT, 5 dek – Sputnik. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining harbiy xizmatchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan eng katta ko‘rik-tanlov – «Eng ilg‘or mutaxassis»ning yakuniy bosqichi boshlandi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri Mudofaa vazirligiga asosan.
«Eng ilg‘or mutaxassis» tanlovida harbiy qism va muassasalarda bir yildan ziyod xizmat qilgan harbiy xizmatchilar ishtirok etishi mumkin. Ular tanlovning «Eng ilg‘or serjant», «Eng ilg‘or guruh komandiri», «Eng ilg‘or vzvod komandiri», «Eng ilg‘or batalon (divizion) komandiri» va «Eng ilg‘or qo‘shilma (brigada) komandiri» nominatsiyalari bo‘yicha o‘zaro bellashadi.
Tanlovning dastlabki bosqichlari qo‘shinlar tarkibi, harbiy okruglarda kuchli raqobat muhitida o‘tkazildi. Quyi bosqich g‘oliblari – eng ilg‘or serjant, guruh, vzvod va batalon komandirlari harbiy uchkurash, taktika, o‘t ochish, jismoniy va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarliklar kabi yo‘nalishlar bo‘yicha bellashadi.
Bugun esa tanlovning yakuniy bosqichi - Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qism va dala-o‘quv maydonida boshlandi.
“Tanlovda qatnashish va g‘olib bo‘lish uchun ko‘p izlandim, o‘qidim, o‘rgandim, Tajribali ofitserlardan saboq oldim. Maqsadim – serjantlar ichida sarasi, ilg‘ori bo‘lish. Buning uchun imkoniyatim, kuch va salohiyatim yetishiga ishonaman”, – deydi kichik serjant Shohrux Sultonov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Qurolli Kuchlar miqyosida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Eng ilg‘or mutaxassis» ko‘rik-tanlovi 2004-yilning fevralida tashkil etilgan. Tanlovning maqsadi harbiy xizmat nufuzini oshirish, qo‘shinlarda zamonaviy harbiy an’analarni shakllantirish, harbiy xizmatchilar qalbida tanlagan kasbiga, ona Vataniga hurmat va vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yuksak jangovar shaylikni ta’minlash, komandirlar mahoratini oshirishdir.