TOShKENT, 4 dek - Sputnik. Kecha 3-dekabr kuni Riyoz shahrida O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning uchinchi raundi o‘tkazildi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov va Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar davlat vaziri Nizar Madani boshchiligidagi ikki mamlakat delegatsiyalari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida hamda xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.
“Barcha darajalarda O‘zbekiston – Saudiya aloqalarini faollashtirish, qo‘shma hamkorlik tuzilmalarining navbatdagi yig‘ilishlari o‘tkazish zarurligi e’tirof etildi”, - deyilgan xabarda.
Tomonlarning BMT, IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Saudiya Arabistonida O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya investitsiyalar bo‘yicha agentligi raisi Ibrohim al-Umar hamda Saudiya taraqqiyot fondi maslahatchisi Yusuf al-Bassam bilan muzokaralar o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy va investitsion sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.