TOShKENT, 4 dek – Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimidagi o‘zining uch yillik missiyasini yakunlayotgan Yevgeniy Sisoyevni qabul qildi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.
Tomonlar suhbat chog‘ida hozirda 8 davlatni o‘zida jamlagan ShHT MATT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilishdi.
“Vazir tashkilotning yanada rivojlanishiga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun ShHT MATT Ijroqo‘mi direktoriga minnatdorchilik izhor etdi. Yevgeniy Sisoyev, o‘z navbatida, o‘zining O‘zbekistondagi missiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirishi uchun yaratib berilgan qulay sharoit va ShHT MATT Ijroqo‘mi faoliyatiga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirdi”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 4-6 dekabr kunlari Chelyabinsk shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning birinchi Hududlararo forumida bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, delegatsiyalar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Chelyabinsk viloyatining salohiyati bilan ham tanishadilar.