TOShKENT, 3 dek - Sputnik. "Darxon" mahallasida restavratsiya uchun vaqtincha olib qo‘yilgan Ulug‘ vatan urushi qatnashchilari xotirasiga qo‘yilgan yodgorlik tez orada yana mahalla binosi ro‘parasiga o‘rnatiladi, deb xabar qildi "Sputnik" muxbiriga mahalla yig‘ini vakili.
Eslatib o‘tamiz, "Darxon" mahalla fuqarolar yig‘inining xizmat binosi 1956-yilda qurilgan bo‘lib, bino juda ta’mirtalab holatga kelib qolganligi sababli, joriy yil avgust oyida "Zamonaviy mahalla" loyihasi asosida yangi, barcha zamon talablariga mos keladigan shart-sharoitlarga ega mahalla markazi qurish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
"17 noyabr kuni "Darxon" mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan vakillar yig‘ilishida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari vaqtida 1941-1945 yil Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va halok bo‘lgan jangchilari xotirasiga bag‘ishlab o‘rnatilgan yodgorlikni qayta restavratsiya qilish va yodgorlik o‘rnini yangi joyga ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilib, tegishli yig‘ilish qarori qabul qilingan", - dedi suhbatdosh.
Qayd etilishicha, yodgorlikni qaytadan restavratsiya qilish ishlari deyarli o‘z yakuniga yetgan va xotira toshi tez vaqtda mahalla binosi ro‘parasiga qaytariladi.
Hozirda yodgorlik qo‘yiladigan joy atrofiga shag‘al to‘kilib, sement quyilmoqda.