TOShKENT, 3 dek – Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Alisher Qodirov ayollar ish vaqtini qisqartirish tashabbusi bilan chiqdi, O‘zA xabariga asosan.
"Ayollarning ish vaqti soat 16.00 da tugatilishi kerak. Shunda ayol farzandlari va umr yo‘ldoshi uchun vaqt ajratadi. Bu esa o‘z o‘rnida oiladagi er-xotin, ona-bola munosabatlarida ijobiy muhitni yuzaga keltiradi”, - deydi deputat.
Deputat so‘zlariga ko‘ra, ayollar oilasi bilan yetarlicha vaqt o‘tkaza olmasligi, oila buzilishiga olib kelishi mumkin.
Deputat aytishiga ko‘ra, bolalar maktabdan qaytib, ularga “tuhfa qilingan” erkinlikdan bilganlaridek foydalanadilar. Ota bilan deyarli bir paytda kelgan ona ham dam olishga birdek haqli. Munosabatlar inqirozi sekin-asta oilaning inqiroziga olib keladi. Bugungi kunda 55 foiz oilalarning buzilishiga sabab bo‘lmoqda, deb qo‘shimcha qildi Alisher Qodirov.