TOShKENT, 3 dek – Sputnik. 2018-yil 3-dekabr kuni TIVda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Amerika Qo‘shma Shtatlarining Muvaqqat ishlar vakili Alan Melser bilan uchrashdi.
Suhbatda Afg‘oniston yo‘nalishidagi O‘zbekiston – Amerika hamkorligining joriy masalalari, jumladan turli sohalarda qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq qilishning amaliy jihatlari bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuvda AQSh davlat kotibining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Zalmay Xalilzodning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi muddati va kun tartibi ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, AQShning Afg‘onistonda milliy yarashuv jarayoni bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzad 2-20 dekabr kunlari bir necha davlatlarga, jumladan, O‘zbekistonga ham tashrif buyuradi.
Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalasi O‘zbekiston tashqi siyosatining faol yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Bunday bo‘lishiga qator ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy jiddiy sabablar mavjud. Toshkentda oxirgi yil davomida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga bag‘ishlangan bir necha xalqaro anjumanlar bo‘lib o‘tdi. Ulardan eng muhimlaridan biri - noyabr oyida Afg‘oniston tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekiston ishtirokida uch tomonlama komissiyaning tuzilishi bo‘ldi. Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra ushbu komissiya Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishda muhim rol o‘ynashi kerak.